@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Al-Xorazmiy maydonining rekonstruksiyasi: loyiha ekspertizadan o‘tdi

 2022-02-10 18:03:57   |     Просмотров: 2750

Toshkent shahridagi Al-Xorazmiy maydonini rekonstruksiya qilish ishchi loyihasi va smeta hujjatlari ekspertizadan o‘tkazildi. Keyingi bosqich — maydonda qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshiradigan pudratchi tashkilotni tanlash uchun tender o‘tkazishdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning iyun oyida “Yuksalish” umummilliy harakati poytaxt hokimligi huzuridagi jamoatchilik kengashi va O‘zbekiston ekologik qurilish kengashi bilan hamkorlikda Chilonzor tumanida joylashgan Al-Xorazmiy maydonini qayta tiklash bo‘yicha yosh arxitektor-dizaynerlar uchun tanlov e’lon qilgandi. Maqsad — buyuk allomaning butunjahon merosini hamda matematika fanini ommalashtirish.

Tanlov ishtirokchilaridan “matematiklar bog‘i”ning landshaft dizayni konsepsiyasini taklif etish so‘ralgandi. Natijalarga ko‘ra, “Insard Architects” arxitektura byurosi g‘olib deb topildi va ularga “Yuksalish” UMHning 10 mln so‘m miqdoridagi pul mukofoti taqdim etildi.

Konsepsiyada nafaqat Al-Xorazmiyning merosini va matematikani ommalashtirishga, balki an’analar bilan zamonaviy tendensiyalar va texnologiyalarning uyg‘unlashuviga ham urg‘u berilgan. Landshaft dizaynida maydon hududidagi daraxtlarni hamda o‘ziga xos xususiyatlarini saqlab qolish nazarda tutilgan. Sport va bolalar maydonchalarini, amfiteatr va tomoshabinlar uchun, interfaol va ma’ruzalar uchun hududlarni barpo etish rejalashtirilgan.

Al-Xorazmiy maydonini qayta tiklashning dastlabki bosqichini amalga oshirish uchun mablag‘larning bir qismi (900 mln so‘m) konsepsiyani openbudget.uz tashabbusli byudjetlashtirish platformasiga joylashtirish orqali olindi. Ushbu mablag‘lar qurilish ishlarining buyurtmachisi sifatida faoliyat yurituvchi va barcha zarur tartib-qoidalarni amalga oshiruvchi Chilonzor tumani hokimligining hisob raqamiga kelib tushdi. Loyihani, shuningdek, xalq deputatlari shahar Kengashining Chilonzor va Uchtepa tumanlaridan saylangan deputatlari ham qo‘llab-quvvatlamoqda.

“Yuksalish” umummilliy harakati qoshidagi “Shaharsozlik to‘lqini” tashabbusi faollari poytaxt hokimligi huzuridagi jamoatchilik kengashi vakillari bilan birgalikda Al-Xorazmiy maydonini rekonstruksiya qilishning barcha bosqichlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati