Ikki mamlakatning yetakchi NNTlari mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi
“Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov Sloveniyaning “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti direktori Myusha Sever hamda tashkilotning Toshkentdagi ofisi rahbari Petra Goryup bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda hamkorlarga Harakatning mintaqaviy darajaga chiqish, hududlararo muammolarni muhokama qilish, muloqotni yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda tadqiqotlar olib borish va mintaqaviy chaqiriqlarga javoblar ishlab chiqish uchun qo‘shni davlatlarning “aql markazlari” tarmog‘ini yaratish rejalari bilan tanishtirildi. Shuningdek, kelgusida “NNT maktabi”ga Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolik jamiyati institutlarini ham qamrab olish ko‘zda tutilgan. Bugungi kungacha har chorakda “NNT maktabi”ni O‘zbekistonning turli hududlaridan 60 dan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari va faollari o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashib, malakalarini oshirdi. Harakat raisining fikricha, qo‘shni davlatlarning nodavlat sektorlari vakillari uchun ham treninglar tashkil etish maqsadga muvofiq, bunda ular nafaqat malaka oshirish, balki yanada yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba va tashabbuslari bilan bo‘lishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Mintaqaviy muloqot” XNT rahbari Myusha Sever “Yuksalish” UMHning ushbu rejalarini olqishlab, ularning dolzarbligi va mintaqadagi hozirgi voqelikka mosligini qayd etdi. Mavjud muammolarni faqatgina birgalikdagi hamkorlik va muloqot orqali hal etish mumkin, bunda har bir davlatning dolzarb masalalar bo‘yicha mintaqadagi pozitsiyasidan xabardorligini oshirish, har bir davlatning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish muhim.
M.Sever, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqadagi, ayniqsa, qo‘shni Afg‘onistonga nisbatan yetakchilik mavqei, salohiyatini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, so‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida jiddiy sa’y-harakatlarni amalga oshirib, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga sodiqlikning haqiqiy namunasini ko‘rsata oldi.
“Shu nuqtai nazardan, qo‘shnilar uchun ham dolzarb bo‘lgan gender masalasiga e’tibor qaratishni muhim, deb hisoblayman. Erkaklar va ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratish uchun mintaqaning barcha davlatlari sa’y-harakatlarini birlashtirish talab etiladi. Bunda “Yuksalish” harakati ham yoshlarni birlashtirish, yoshlar loyihalarini amalga oshirishda tajribaga ega bo‘lgan boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari singari mintaqaviy muammolarni, xususan, Afg‘onistondagi gumanitar muammolarni hal etishga katta hissa qo‘shishi mumkin”, - deydi M.Sever.
Bobur Bekmurodovning qo‘shimcha qilishicha, “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan yangi avlod liderlarini tayyorlash bo‘yicha “Markaziy Osiyoning yosh siyosatchilari” grant dasturini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Uning tarkibiga davlat tashkilotlarining yosh xodimlari, parlament deputatlari, mahalliy hokimlik organlari vakillari kiradi. Bu mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamjihatlikni yanada oshirishga, shuningdek, dastur bo‘lajak yetakchilarni tayyorlash bosqichidayoq liderlar bilan do‘stlashishiga yordam beradi.
Bizning ma’lumot: “Mintaqaviy muloqot” – Sloveniyadagi xalqaro nodavlat tashkiloti bo‘lib, uning filiali O‘zbekistonda 2011 yildan buyon faoliyat ko‘rsatadi. Tashkilot fuqarolik jamiyati institutlari, OAV va davlat organlari bilan faol hamkorlik qiladi. So‘nggi ikki yilda “Mintaqaviy muloqot”ning dasturlari sud-huquq tizimi, inson huquqlarini himoya qilish sohalarini qamrab olmoqda hamda hukumatlar, OAV va fuqarolik jamiyati o‘rtasida aloqa o‘rnatishga ko‘maklashmoqda. Ushbu xalqaro tashkilot hamda “Yuksalish” UMH 2020 yilda o‘zaro hamkorlik qila boshladi va hozirda ikkita qo‘shma loyihani amalga oshirmoqda. Bular: “O‘zbekistonda birinchi antikorrupsiya laboratoriyalarini tashkil etish” va “O‘zbekistonda demokratiya” oylik axborot byulleteni.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati