@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Xalqaro saylov tizimlari fondi vakillari bilan uchrashuv

 2021-10-12 12:23:33   |     Просмотров: 3717

Joriy yilning 11-oktyabr kuni “Yuksalish” umummilliy harakati mutaxassislari Xalqaro saylov tizimlari fondi (IFES) vakillari Entoni Boyer va Tamar Jvaniya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Maqsad – o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

Tomonlar bir-birlariga o‘z tashkilotlari, uning faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi. Xususan, IFES’ning Yevropa va Yevroosiyo bo‘yicha boshqaruv dasturlari bosh menejeri Entoni Boyer, fondning asosiy faoliyati nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar, mayda millatlarning saylovlarda ishtirok etish imkoniyatlari, sharoitlarini yaxshilashga qaratilganini qayd etdi.

— Saylov jarayonlarida jamiyatning barcha guruhlari ishtirok etsagina demokratik institutlar gullab-yashnaydi, - deydi Entoni Boyer. — Xalqaro saylov tizimlari fondi korrupsiyaga qarshi kurashish, hukumatlar, demokratik institutlar, sud tizimlari, fuqarolik jamiyati, xususiy sektorlar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida hisobdorlik madaniyatini mustahkamlash uchun keng ko‘lamdagi hamkorlik munosabatlarini o‘rnatib keladi.

— Xalqaro saylov tizimlari fondi O‘zbekistonda ikkita yangi loyihani yo‘lga qo‘ymoqda. Loyiha Harakatlar strategiyasi hamda davlat dasturlari doirasida demokratiya va boshqaruvni rivojlantirishga, hozirgi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, - deydi Fondning Yevropa va Yevroosiyo bo‘yicha boshqaruv dasturlari bosh menejeri Tamar Jvaniya.

Bundan tashqari, Fondning huquqiy madaniyat va yoshlar savodxonligini oshirishga qaratilgan loyihalari ham mavjud. Fond 20 yildan buyon turli dolzarb mavzularda bolalar o‘quv oromgohlarini, bolalar va yoshlarni huquqlari, majburiyatlari, qonunchilik bilan tanishtirish maqsadida fuqarolikshunoslik kurslarini tashkil etib keladi.

“Yuksalish” UMH vakillari mehmonlarni faoliyat yo‘nalishlari va amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishtirdi. Harakatning boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Muhammadiyev boshqa davlatlarning yoshlar parlamentidagi eng yaxshi tajribalardan foydalangan holda, Fondning o‘quv oromgohlarini O‘zbekiston yoshlar parlamenti bilan birlashtirish taklifini bildirdi. Shuningdek, saylovchilar, xususan, yoshlar xorijiy mamlakatlarning saylov tajribasidan ham xabardor bo‘lishi, saylovlar va nomzodlar haqida mustaqil fikrni shakllantirish imkoniga ega bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Bu borada barcha oliy ta’lim muassasalarida xalqaro saylov huquqi bo‘yicha qisqa kurslarni tashkil etish maqsadga muvofiqligi aytildi.

Uchrashuv yakunida har ikki tomon uchun manfaatli va istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Ma’lumot uchun: Xalqaro saylov tizimlari fondi (IFES) — xalqaro nodavlat tashkiloti, unga 1987-yilda asos solingan. Yangi va rivojlanayotgan demokratiyalarda saylovlar bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatuvchi Fond ayni paytda Osiyo-Tinch okeani hududlarida, Afrika, Yevroosiyo va Shimoliy Amerika kabi 20 dan ziyod mamlakatlarda dasturlarni amalga oshirmoqda. Dasturlar saylov komissiyalari faoliyatining samaradorligini oshirish, saylov qonunchiligini takomillashtirish, saylovchilar bilan hamkorlik, ularning ro‘yxatga olinishi, saylov xavfsizligini ta’minlash, yashirin ovoz berish va saylov ishtirokchilari uchun teng sharoitlar singari masalalarga yo‘naltirilgan.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati