@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Xorazm viloyatida o‘tkazilgan tadbirlar: ijtimoiy soha ob’ektlari monitoringi

 2019-05-03 16:19:36   |     Просмотров: 4216

Joriy yilning 29-aprel kuni “Yuksalish” umummilliy harakati va qator hamkor tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. Asosiy maqsad – amalga oshirilayotgan islohotlarni fuqarolarga yetkazish, ularning fikr va takliflarini o‘rganish, jamoat tashkilotlari bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, shuningdek davlat va investitsion dasturlarning ijrosi bilan tanishish.

Xorazm viloyatida o‘tkazilgan tadbirlar mahalliy NNTlar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan davra suhbati bilan boshlandi. Unda “Yuksalish” umummilliy harakatining maqsad va vazifalari, unga a’zo bo‘lish tartibi hamda taqdim etilayotgan kichik grantlar haqida ma’lumot berildi. 

Viloyat hokimligi binosida bo‘lib o‘tgan tadbirda “Yuksalish” umummilliy harakatining Xorazm viloyati bo‘linmasi rahbari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati senatori – Abdikarimova Sayyora Sapayevna saylanganligi e’lon qilindi va keng jamoatchilikka tanishtirildi.

Kun davomida “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari ishchi guruh tarkibida joylarda jamoatchilik monitoringi tadbirlarini o‘tkazdilar.  

Jumladan, Urganch shahridagi Amir Temur istirohat bog‘i hududida xususiy tadbirkor Omonboy Saburov tomonidan “Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturi doirasida bunyod etilayotgan “Yosh tadbirkorlar kovorking markazi” va “Yoshlar mehnat guzari”da ishlarning borishi bilan tanishildi. Ushbu ob’ekt 2019 yilning may oyida foydalanishga topshirilishi belgilangan bo‘lib, buning natijasida 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Loyihada tadbirkor tomonidan qurilish ishlariga o‘z hisobidan investitsiya kiritilishi hamda “Hamkorbank” ATB Urganch filiali tomonidan 7 foizlik imtiyozli kredit ajratilishi belgilangan. O‘rganishlar davomida bank tomonidan ajratilishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari kechikayotgani aniqlandi.

Shuningdek, Davlat dasturi doirasida qurilishi belgilangan qator ijtimoiy soha ob’ektlari ko‘zdan kechirildi. Jumladan, Urganch shahrida joylashgan 10-sonli umumta’lim maktabi uchun 640 kishilik yangi o‘quv binosi qurilishi o‘rganildi. Binoni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga, jumladan kanalizatsiya tizimiga ulash ishlari o‘z vaqtida yakunlanmagani sababli qurilish ishlarini boshlash qiyinlashgan.  

Maktab binosining qurilish ishlari “Xorazm qurilish” MChJ tomonidan olib borilmoqda va ularning fikricha, ob’ektni foydalanishga topshirish muddati hududdagi g‘isht zavodlarining ish faoliyatiga bog‘liq. Bugungi kunda shaharda g‘isht mahsulotining taqchilligi kuzatilmoqda.  

Ishchi guruh tomonidan Urganch shahridagi 7-sonli maktabgacha ta’lim muassasasining kapital ta’mirlash ishlari o‘rganildi. Ishlar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan o‘z vaqtida va jadal tashkil etilib, 2019 yilning sentabr oyida tugatilishi rejalashtirilgan. Ob’ektning umumiy qiymati 5,8 mlrd so‘mni tashkil etadi, natijada 300 o‘rinli zamonaviy mebellar bilan jihozlangan davlat MTM qad rostlaydi.

Biroq, qo‘shni Kamolot mahallasida joylashgan 160 o‘rinli yangi MTM 2018 yilda qurib bitkazilganiga qaramay, shu kunga qadar foydalanishga topshirilmagan. Asosiy muammo – mebel va boshqa jihozlarning katta qismi yetkazilmagan. Qurilish ishlariga 6,4 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib, shundan 5,2 mlrd so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan. 

Hududdagi fuqarolar tomonidan farzandlarni MTM joylashtirishga bo‘lgan katta ehtiyoj bo‘lishiga qaramay, Urganch shahri va tumani, Xazarasp, Shovot tumanlarida ham 2018 yil Davlat dasturi doirasida qurib bitkazilgan bu kabi ob’ektlar foydalanishga topshirilmay turibdi. Ushbu masala yuzasidan “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, Xorazm viloyati hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasiga so‘rov yuborildi.

Jamoatchilik monitoringi tadbirlari, shuningdek Xorazm viloyatining Xiva tumanida ham olib borildi. Xususan, Pirnaxos mahallasidan 36-sonli umumta’lim maktabiga olib boruvchi yo‘l ta’miri qo‘zdan kechirildi. Yo‘l 2018-yilda foydalanishga topshirilganiga qaramay, bugungi kunda qurilish standartlariga to‘la javob bermaydi. Yo‘l asfalt qorishmasidan emas, balki mayda tosh va qum aralashmasidan tayyorlangan mahsulotdan yotqazilganligi sababli hozirga kelib o‘z sifatini yo‘qotgan.

Shuningdek, ishchi guruh a’zolari “Sanjar Yosh O‘smir” ko‘chasida 2 km uzunlikdagi piyodalar yo‘lagi qurilishi bilan tanishdilar. Qurilish ishlari yakunlanish arafasida bo‘lib, natijada fuqarolar, shu jumladan yosh bolalar uchun xavfsiz harakatlanish imkoniyati yaratilmoqda.

Bu kabi tadbirlar respublikaning boshqa hududlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.  

"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmati