@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

«Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturi ijrosi holati: 1-chorak yakunlari bo‘yicha ma’lumot

 2019-04-22 17:24:18   |     Просмотров: 3961

Ma’lumki, “Yuksalish” umummilliy harakati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda Davlat dasturining amalga oshirilishining borishini tizimli monitoring qilish, uni sifatli va o‘z vaqtida bajarish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Shu munosabat bilan, “Yuksalish” umummilliy harakati “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining birinchi chorak ijrosi holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar umumlashtirilib, tahlil qilindi.

Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida 2019 yil davomida jami 274 ta bandda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish - 34 ta, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish - 15 ta, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish - 84 ta, ijtimoiy sohani rivojlantirish - 100 ta, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish ustuvor yo‘nalishida - 41 ta banddagi tadbirlarning amalga oshirilishi belgilangan.

Ulardan 90 ta bandning ijro muddati 2019 yilning yanvar–mart oylari (1-chorak) ekanligi ko‘rsatilib o‘tilgan. Amalga oshirilgan monitoring natijalariga (2019 yilning 1 aprel holatiga) ko‘ra Davlat dasturining 39 ta band (43,3 foizi) ijro etilgan, ya’ni normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan, chora-tadbirlar rejasi va dasturlar mutasaddi idoralar tomonidan tasdiqlangan. 27 ta band (30 foizi) bo‘yicha hujjatlar loyihalari mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilib, normativ hujjatlarni qabul qiluvchi sub’ektlarga kiritilgan.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasi a’zolarini Oliy Majlis, viloyat, tuman va shahar davlat organlari rahbarlarini tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlash amaliyotini joriy etish (2-band), Profilaktika inspektorlariga ko‘maklashuvchi professional faoliyatni takomillashtirish (46-band), Avtomobil transportida yo‘lovchi va yuk tashish tizimini takomillashtirish (78-band), O‘zbekiston Respublikasining xalqaro obligatsiyalarini chiqarishni tashkil etish va suveren kredit reytingini saqlab turish va yaxshilash chora-tadbirlarini ko‘rish (117-band) bo‘yicha ishlar o‘z vaqtida bajarilgan.

Shunga qaramay, Davlat dasturining 24 ta bandi (26,6 foizi) o‘z vaqtida bajarilmagan. Xususan, To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish (112-band), O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda import bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadigan texnologik jihozlar va xom ashyo ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish (130-band) yoki Ta’lim muassasalarini akkreditatsiyalash tizimini takomillashtirish (214-band) bo‘yicha hujjat loyihalari o‘z muddatida lozim darajada ishlab chiqilmagan, amaliy choralar bajarilmagan.

Davlat dasturi ijrosi holati yuzasidan tahliliy ma’lumot belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. 

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati