@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Ishchi guruh Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida Qo‘qon shahridagi qizlar uchun Yengil sanoat kasb-hunar kolleji va Хotin-qizlarning ijtimoiy reabilitatsiya va moslashuv markaziga tashrif buyurdi

 2019-04-05 16:19:00   |     Просмотров: 3112

Farg'ona viloyatida amalga oshirilgan uchrashuv va jamoatchilik nazorati tadbirlari davomida “Yuksalish” umummilliy harakati vakillari qator tashkilotlar hamkorligida hududiy investitsiya dasturlarini amalga oshirish bilan birga, yoshlar va ayollarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlashni kuchaytirish va hudud aholisining farovonligini oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratdilar.

Tashrif chog'ida ishchi guruh Qo'qon shahridagi xotin-qizlarning ijtimoiy reabilitatsiya va moslashuv markazi faoliyati bilan tanishdi. O'tgan davr mobaynida og’ir ijtimoiy sharoitda, jumladan, oilaviy muammolar va oiladagi zo'ravonlikka uchragan 46 nafar ayol anonim psixologik, ijtimoiy va huquqiy yordam ko'rsatildi. Bu erda bolalar bilan ikki kun davomida qolish mumkin. Bundan tashqari, mahalliy tadbirkor ko'magida tikuv sexi ochilib, zarurat bo'lganda, ayollar vaqtincha ish bilan ta'minlanib, qo'shimcha daromad olishlari mumkin. Respublika miqyosda bu kabi 160 ta shelterlar faoliyat ko’rsatmoqda.

Ikkinchi manzil qizlar uchun Qo'qon yengil sanoat kasb-hunar kolleji bo'ldi. Muassasa respublikaning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 200dan ziyod qizlar ta’lim oladigan yopiq muassasa hisoblanadi. Ular bu erda sud qarori bilan yuboriladi. Ular orasida uyini tashlab ketgan, muntazam maktab darslarini o'tkazib yuboruvchi, jinoyatlar sodir etgan, shuningdek zo'ravonlik qurboniga aylangan qizlar bor. O'tgan yilning kuzida ushbu kollejda sodir etilgan voqea keng jamoatchilikda katta rezonansga sabab bo'ldi. Tergov ishlari amalga oshirilib, aybdorlar javobgarlikka tortildi. Bugungi kunda qizlarning ijtimoiy reabilitatsiya va moslashuvi borasida juda ko'p ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bu yil o'quvchilarning bir qismi kitobsevarlar tanlovining shahar bosqichida ishtirok etdi. Mutolaaga bo’lgan  qiziqishni yanada oshirish maqsadida Oliy Majlisning inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) tomonidan kollej kutubxonasiga kitoblar sovg'a qilindi. Uchrashuv yakunida qizlarning ijodiy salohiyatlarini ro'yobga chiqarish maqsadida o'z ijod namunalari - she'r va hikoyalar to'plamini nashr etishga yordam berishga qaror qilindi.

Tashrifning muhim yo'nalishlaridan biri hududdagi biznes vakillari bilan muloqot va mavjud investitsion salohiyatni o'rganish bo’ldi. Jumladan, ishchi guruh Quvasoy kichik industrial zonasida tashkil etilgan “Running business trans invest” MCHJ “o’zbek-turk” qo'shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona qariyb 800 nafar qiz va ayolni ish bilan ta'minlamoqda. Ishlab chiqarishning bir qismi Rossiya, Ukraina va Belorussiyaga eksport qilinadi, qolgan qismi ichki bozorning ehtiyojlarini qondiradi.

Ta'kidlash joizki, “Quvasoy” KICHZ sakkizta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan, biroq bugungi kunga qadar faqatgina bitta korxona ­ “Business Trans Invest” MChJ faoliyat yuritmoqda.

Farg'ona viloyati ulkan turistik salohiyatga ega. Rishton Markaziy Osiyodagi eng qadimiy keramika san'ati markazi hisoblanadi. Mahalliy hunarmandlarning mahsulotlari xorijda ham katta qiziqishga ega. Tashrif davomida ishchi guruh Rustam Usmonovning ustaxonasiga tashrif buyurdi. Uning keramika mahsulotlari O'zbekistonning dekorativ san'atining eng yaxshi na’munalaridan biri sanaladi. O’z uyida ustaxona yaratgan R.Usmonov qarindoshlari bilan birgalikda Rishton keramika maktabining an'analarini davom ettirmoqda.

Bundan tashqari, hududda ba'zi oilalar sayyohlar uchun mehmonxonalar tashkil etishgan. U yerda nafaqat bir muddat yashashlari, balki hayot va an'analar bilan tanishishlari mumkin.

Farg'ona shahrida, shuningdek davlat idoralari, ishbilarmon doiralar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida tadbir o'tkazildi. Ushbu tadbir doirasida "Yuksalish" umummilliy harakati maqsad va vazifalari taqdimoti o’tkazilib, hududiy bo'linma rahbari keng jamoatchilikka tanishtirildi. U viloyat hokimining maslahatchisi sifatida faoliyat yuritadi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF-5635-sonli Farmoniga muvofiq “Yuksalish” umummilliy harakatining Farg’ona viloyati bo’linmasi rahbarligiga Xalq deputatlari Farg'ona viloyati Kengashi deputati Saidfarruh Islomov saylandi. U yoshlar va biznes hamjamiyati bilan hamkorlikda katta tajribaga ega. 2015-2018 yillarda S.Islomov “yagona darcha” tamoyili asosida tadbirkorlik sub'ektlariga davlat xizmatlarini ko'rsatish bo'yicha Qo'qon shahar markazini boshqargan. Ayni paytda Qo'qon shahridagi Davlat xizmatlari markazida faoliyat yuritayotgan edi. Tadbir davomida S. Islomovga xizmat avtomashinasi va uyining kalitlari topshirildi.

Uchrashuv davomida hududiy nodavlat notijorat tashkilotlari “Yuksalish” umummilliy harakati bilan aholi muammolarini aniqlash, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilish istagini bildirdilar. NNT faollari tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, fuqarolar uchun ayrim turdagi dori vositalarining etishmasligi kabi dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Xususan, tashkil etilgan ijtimoiy dorixonalarda hanuzgacha muammolar mavjudligi, narxlar boshqa turdagi dorixonalardagiga nisbatan arzon emasligi qayd etildi. Ushbu masala nazorat ostiga olindi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman), Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi hamda “Yuksalish” umummilliy harakati vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh amalga oshirilayotgan islohotlar to'g'risida jamoatchilikka axborot berish, dolzarb muammolarni aniqlash hamda joylarda islohotlarni amalga oshirilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘tkazish bo’yicha qator tadbirlar o’tkazmoqda.

Loyiha Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo’yicha vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmati.