@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi O‘zbekiston delegatsiyasini Norvegiyaga taklif qildi

 2019-04-16 17:33:09   |     Просмотров: 2979

“Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov Norvegiya Xelsinki qo‘mitasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Marius Fossum va “Human Rights Watch” tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Stiv Sverdlov bilan uchrashdi.

Tomonlar nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan, inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yurituvchi nohukumat tashkilotlar, mahbuslar, mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini oshirish masalalari bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish masalalarini muhokama qildilar. Jumladan, O‘zbekistonda NNTlarni ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirish, respublikada huquqni himoya qilish tashkilotlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Mehmonlarga “Yuksalish” umummilliy harakatining maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berildi. Xususan, Harakatlar strategiyasi doirasida islohotlarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining sa’y-harakatlarini birlashtiradi, shuningdek davlat dasturlarini ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratining samarali tizimini shakllantirishi aytib o‘tildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Xalq deputatlari mahalliy kengashlari yig‘ilishlarida rejalashtirilgan islohotlarning amalga oshirilishi yuzasidan muhokamalarda ishtirok etishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surishi Harakatning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta’kidlandi.

M.Fossum Harakatning davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va vatandoshlar bilan ishlashdagi roli katta ekanligini bildirdi. Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi O‘zbekiston delegatsiyasini Norvegiyaga inson huquqlarini himoya qilish sohasida tajriba almashish uchun taklif qildi. Tashrif chog‘ida parlament vakillari, sud-huquq tizimi, inson huquqlarini himoya qilish institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun: Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi — nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) inson huquqlari bo‘yicha nizomiga amal qilinishini kuzatib boradi hamda demokratiya va fuqarolik jamiyatini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati