@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Namangan viloyatida jamoatchilik monitoringi: barcha maktablar ham o‘zining boy kutubxonasi va sport zallari bilan maqtana olmaydi

 2019-04-05 16:19:00   |     Просмотров: 2641

“Yuksalish” umummilliy harakati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman), O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasidan iborat ishchi guruh Namangan viloyatida o’tkazilgan jamoatchilik nazorati tadbirlari davomida umumiy o’rta ta'lim maktablarida bolalarning sifatli ta'lim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar va ularning bo’sh vaqtlarini samarali tashkil etish masalalariga e’tibor qaratdi.

Xususan, ishchi guruh To'raqo'rg'on tumanidagi 3 va 4-sonli umumiy o’rta ta'lim maktablari va Namangan tumanidagi 63-sonli umumta’lim maktabi hamda 3-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining faoliyati bilan tanishdi. Monitoring natijalari shuni ko'rsatmoqdaki, ushbu maktablarning deyarli barchasida o’quvchilar soni belgilangan me'yordan ortiq. Har bir sinfda qariyb qirq va undan ortiq kishi bo’lib, bu ta'lim jarayonining sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Misol uchun, 63-sonli maktab 900 nafar o’quvchiga mo'ljallangan, ammo bu yerda 2 mingdan ziyod o'g'il-qizlar tahsil olmoqda. Maktab binosi ikki qavatdan iborat bo'lib, sinfxonalar yetarli emas. Shahar xalq ta'limi bo'limi vakilining ma'lumotiga ko'ra, yangi bino qurilishi dasturga kiritilgan bo’lib, 2020-yilda foydalanishga topshiriladi.

Viloyatdagi olib borilgan o’rganishlar natijasida maktablarda sport zallarining yo’qligi va sport anjomlarining etishmasligi kabi tizimli muammolar aniqlandi. Shuningdek, maktab kutubxonalarining kitob fondi badiiy adabiyotlarga muhtoj va bu dolzarb masalaligicha qolmoqda.

Jumladan, To'raqo'rg'on tumanining 3-sonli umumta’lim maktabi rus tiliga ixtisoslashtirilgan bo’lib, kutubxona uncha katta bo’lmagan xonada tashkil etilgan. Badiiy adabiyotlar turlari ko’p bo’lishiga qaramay o'quvchilar ularni katta qiziqish bilan o'qimoqdalar. Ta'kidlash joizki, ushbu maktabning o’quvchi va pedagok kadrlari o’zlarining faolligi va tashabbuskorligi bilan ajralib turadi. Xususan, bu yerda issiqxona tashkil etilgan bo’lib, bolalarning tabiatga bo’lgan mehrlarini oshirishga xizmat qilmoqda.

Ishchi guruh tomonidan tashrif buyurilgan barcha maktablar kutubxonalariga kitoblar to'plami sovg'a qilindi. Uchrashuvlar davomida nutq va xotirani rivojlantirishda mutolaaning muhimligi, maktabda olingan bilimlarning kelgusi erishiladigan yutuqlarning poydevori bo’lib xizmat qilishi ta'kidlandi.

Avvalgi hududlarda bo'lgani sari, Namangan viloyatida o'tkazilgan tadbirlar davomida biznes hamjamiyati bilan muloqotga alohida e’tibor qaratildi. Ishchi guruh sochiq, choyshab va boshqa tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Art Soft TexGroup” korxonasiga tashrif buyurdi. Korxona ichki bozorga ham qo'shni respublikalarga, jumladan Rossiya, Bolgariya, Moldova va Ukraina uchun ham mahsulotlar eksport qilmoqda hamda o'z faoliyatini kengaytirib, klaster tizimiga o'tmoqda. Ushbu maqsadda Mingbuloq va Pop tumanlarida qo’shimcha yer maydonlari ajratilib, qishloq xo'jaligi texnikasi sotib olindi.

2017-yilda ishga tushirilgan “Ayma Group Textile” mas'uliyati cheklangan jamiyati erkaklar uchun kostyum, ko'ylak va boshqa turdagi kiyimlarni tayyorlash bilan shug'ullanadi. Mahsulotlarning bir qismi xorijga, xususan, Belorusiya va Qozog'istonga eksport qilinmoqda. Korxonani tashkil etgan tadbirkor Adham Jo'raboevning so'zlariga ko'ra, binoga kirish yo'lining yomonligi tayyor mahsulotni yetkazish, shu jumladan xorijiy sheriklarni kutib olishda biroz noqulayliklar tug’dirmoqda. Ushbu masala shahar ma'muriyati bilan batafsil muhokama qilinib, nazoratga olindi.

Bundan tashqari, Namangan viloyati hokimiyati binosida davlat idoralari, ishbilarmon doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida davra suhbati bo'lib o'tdi. Unda “Yuksalish” umummilliy harakatining maqsad va vazifalari taqdimoti o’tkazildi. Harakatning asosiy faoliyat yo'nalishlaridan biri — bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga fuqarolar, shu jumladan, yoshlarni keng jalb qilish. Belgilangan vazifalarni joylarda amalga oshirilishida jamoatchilik nazoratini samarali metodlaridan foydalanish lozimligi uchrashuvda ta'kidlab o’tildi. Shuningdek, Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov “Yuksalish” umummilliy harakatiga qo’shilishga hamda rejalashtirilgan loyihalarni qo'llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Tadbirda hududiy NNTlar vakillariga Oliy Majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi grantlari, shuningdek, “Yuksalish” umummilliy harakati va Qozog'istonning Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsatsiyasi hamkorligida hamda USAID tashkiloti ko’magida “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturi doirasida taqdim etiladigan grant mablag'lari uchun tanlovlari haqida ma'lumot berildi.

Eslatib o'tamiz, Andijon va Farg'ona viloyatlarida ham ishchi guruh tomonidan islohotlarni amalga oshirilishi bo'yicha jamoatchilik monitoringi tadbirlari, so'nggi o'zgarishlar yuzasidan fuqarolarning xabardorligini oshirish hamda aholini qiynayotgan dolzarb muammolarni aniqlash bo'yicha jamoatchilik bilan ochiq muloqotlar o'tkazildi.

Tez kunlarda bu kabi tadbirlar respublikaning boshqa hududlarida o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Loyiha Konrad Adenauer jamg'armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.