@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Fuqarolik jamiyati vakillari uchun tashkil etilgan xakaton yakunlandi

 2020-02-28 12:05:42   |     Просмотров: 4369

Joriy yilning 25-26 fevral kunlari Toshkent shahrida fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan birinchi xakaton bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati, Qozog‘istonning Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (ARGO), Khan Academy Uzbek tomonidan hamda AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) moliyaviy ko‘magida amalga oshirildi.

Xakaton “Ijtimoiy ahamiyatga molik mavzularda onlayn kurslarni yaratish” mavzusiga bag‘ishlanib, unda Toshkent shahri va hududlardan tashrif buyurgan NNTlar vakillari, xavaskor va tajribali dasturchilar hamda qozog‘istonlik AT-mutaxassislari ishtirok etishdi.

Ikki kun davom etgan tadbirda jami 30 ga yaqin ishtirokchilar to‘rt guruhga bo‘lingan holda faoliyat olib borishdi. Jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlarining jamoatchilik bilan ishlashi, ishni to‘g‘ri tashkil qilish, ijtimoiy buyurtmalar olish hamda ta’lim sohasidagi mualliflik dasturlarini ishlab chiqish kabi yo‘nalishlardagi muammolarni aniqlash orqali uning yechimi haqida axborot va yangi ko‘nikmalar beruvchi multimedia dasturlarini ishlab chiqdilar.

Tadbirning ikkinchi kuni barcha guruhlar ishtirokchilar, soha mutaxassislari va tadbir tashkilotchilari oldida o‘z ishlari taqdimotini o‘tkazib, ularni takomillashtirishga qaratilgan takliflarni muhokama qildilar. Barcha ishlar kelgusida yanada takomillashtiriladigan hamda NNTlar uchun yaratilgan Veb-Akademiya (http://studyorg.uz/)da joylashtiriladigan bo‘ldi.

Mazkur xakaton “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturi doirasida zamonaviy texnologiyalar, multiplikatsiyalar va boshqa vositalardan unumli foydalangan holda ijtimoiy yo‘naltirilgan onlayn kurslarni yaratish jarayoni orqali ishtirokchilar salohiyatini oshirish maqsadida O‘zbekistonda ilk bor tashkil etildi.