Nukus shahri “Bir million daraxt” aksiyasining boshlang‘ich nuqtasiga aylandi
Avval xabar berganimizdek, “Yuksalish” umummilliy harakati qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda O‘zbekistonda “Bir million daraxt” aksiyasiga start berdi. Joriy yilning 24 oktyabr kuni Nukus shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hududida 100 dona archa ko‘chatlari o‘tkazildi.
Tadbir BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilib, unda markaz xodimlari, volontyorlar hamda loyihaga o‘z hissasini qo‘shish istagida bo‘lgan jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
“Bir million daraxt” aksiyasining maqsadi — o‘rmonlarni kesish va iqlim o‘zgarishi ta’siriga qarshi kurashish, odamlarni ixtiyoriy ravishda birlashtirish orqali qulay atrof-muhit yaratish, O‘zbekistonda daraxtlarni ko‘paytirish va o‘stirish masalalariga e’tiborni jalb qilish. Ushbu loyiha yilda ikki marotaba: kuz faslida (oktyabrdan dekabrgacha) va bahor faslida (fevraldan aprelgacha) o‘tkazish rejalashtirilgan.
Aksiyaning muhim xususiyatlari sifatida barcha tadbirlar aholi fuqaro pozitsiyasini namoyish etish uchun sharoit yaratgan holda ixtiyoriylik va ko‘ngillilik asosida o‘tkazilishi belgilanadi.
24 oktyabr tongi. Yosh volontyorlar, markaz xodimlari, davlat tuzilmari va jamoat tashkilotlari vakillari, iqlim o‘zgarishlari va daraxtlar kesilishiga befarq bo‘lmagan nukusliklar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hududida yig‘ilishdi. Ular – 100 tup archa ko‘chatlarini innovatsiya markazi hududiga o‘tkazdilar. “Yuksalish” umummilliy harakatining tashabbusi BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining boshlang‘ich nuqtasi sifatida tanlangani ramziy ma’noga ega. Dunyo’da kattaligi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turuvchi orol bir avlod ko‘z o‘ngida yo‘q bo‘ldi. Orol fojiasi mintaqadagi iqlim sharoitini yomonlashtirdi. Orol dengizi mintaqasidagi misli ko‘rilmagan ekologik vaziyat Markaziy Osiyodan oshib, global muammoga aylandi. Bugun bu yerda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari davom etmoqda — sahro hududini yashil o‘rmonga aylantirilmoqda. Mamlakatning har bir fuqorosi bu hayrli ishlarga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.
Sananning o‘zi ham muhimdir. 24 oktyabr — Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni. Bu jamoatchilik e’tiborini yana bir bor ekologik muammolarga jalb qilish, yashash uchun qulay sharoitlar yaratish, aholini tashvishga solayotgan masalalar bo‘yicha ma’lumot berish, global muammolarni hal qilish uchun aholi, siyosiy iroda va resurslarni jalb qilishga sababdir.
Aksiya tashkilotchilari va ishtirokchilari Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi faoliyati bilan tanishib, uning qoshida tashkil etilgan laboratoriyada bo‘ldilar. Bu yerda tadqiqotchilar Orol dengizining qurigan tubidagi sho‘rlangan yerlarda ekotizim va barqaror hayotni yaxshilash, tadqiqotlar va innovatsiyalarning ilg‘or tajribalarini joriy etish bo‘yicha ilmiy va amaliy ish olib borishmoqda. Rahbariyat bilan uchrashuvdan so‘ng Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida ham ana shunday daraxt ekish aksiyasini o‘tkazishga kelishib oldilar. Markaz vakillari aksiya uchun murakkab iqlim sharoitlariga chidamli ko‘chatlarni yetkazib berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Ma’lumot uchun: Jadval bo‘yicha keyingi hududlar — Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari. U yerda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriluvchi “UzWaterAware” Markaziy Osiyo hududiy ekologik markazining O‘zbekistondagi filiali loyihasi hamda mahalliy hokimliklar ko‘magida suvni tejovchi vositalar yordamida ko‘chat ekish bo‘yicha ekomarafon (o‘qituvchilar, yoshlar va obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishchilari uchun suvni tejaydigan texnologiyalar yordamida daraxtlarni ekish bo‘yicha master-klasslar o‘tkaziladi) tashkil etiladi.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati.