@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O'zbekiston ilm-fanini rivojlantirish omillari:

 2019-10-21 16:04:00   |     Просмотров: 5665

Kadrlar salohiyati, moliyalashtirish, ommalashtirish va xalqaro hamkorlik

Yaqinda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tarixda birinchi marta Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo universitetlarining 2020 yildagi reytingiga kiritildi. Reyting Britaniyaning Quacquarelli Symonds kompaniyasi tomonidan tuzilgan.

Institut QS reytingining 301—350 diapazonida akademik nufuzi, ish beruvchilar orasidagi mavqei va ilmiy salohiyati singari indikatorlarda ijobiy baho oldi.

Solishtirish uchun shuni qayd etish kerakki, mazkur reytingda Qozog‘istonning 24 ta, Qirg‘izistonning ikkita oliy ta’lim muassasasi joy olgan. Shuningdek, ro‘yxatda Ukrainaning 20 ta, Turkiyaning 51 ta, Rossiyaning 105 ta oliy ta’lim muassasalari bor.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo universitetlarining 2020 yildagi reytingidan joy olishi katta yangilik. Ammo bu, o‘z navbatida, mamlakatning hali-hanuz to‘laqonli foydalanilmayotgan ilmiy salohiyati haqida so‘z yuritishga ham undaydi.

O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirish, uning nufuzini oshirish hamda soha xodimlari faoliyatini rag‘batlantirish masalalariga yuqori darajada e’tibor qaratib kelinmoqda. Shavkat Mirziyoyevning Prezident lavozimiga kirishganidan so‘ng ilk uchrashuvlaridan biri aynan O‘zbekiston ilm-fanining namoyandalari bilan bo‘lgan edi (2016 yil 30 dekabr). Davlat rahbari bugungi zamon barcha sohalar qatori ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilayotganini, zotan, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz yechish qiyin ekanini ta’kidlab o‘tdi. Ilm-fanni va olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimizning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilandi. Aynan mana shu g‘oya respublikamizda ta’lim tizimi va ilm-fanni takomillashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarning negizini tashkil qilmoqda.

Umuman, olimlar, ilmiy guruhlar va institutlarning reytingi ko‘rsatkichlariga qo‘yilgan umumqabul qilingan talablar sirasida ularning unumdorlik darajasi, jumladan, nufuzli ilmiy jurnallarda (peer-reviewed journals) ilmiy natijalari haqida maqolalar, maqolalaridan istibos keltirishlar (Hirsha (h-indeks) indeksi yordamida aniqlanadi), kadrlar tayyorlash (magistrantlar, fan nomzodlari va doktorlari), xalqaro anjumanlarda, simpoziumlarda ma’ruzachi sifatida ishtirok etish, bunday tadbirlarni tashkil etish, xalqaro e’tirofga sazovor ilmiy maktablar yaratish kiradi.

O‘zbekistonda 230 ga yaqin ilmiy-tadqiqot muassasalari bo‘lib, ularda 11 mingdan ortiq fan doktorlari, ilmiy va boshqa toifadagi xodimlar faoliyat yuritadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 noyabrdagi qarori bilan 2017 — 2021 yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Ilmiy-tadqiqot muassasalarini rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash, ularni zamonaviy ilmiy va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash uchun yetarli darajada mablag‘lar ajratildi. Keng ko‘lamda ishlar olib borilayapti, shunday bo‘lsa-da, o‘z yechimini kutayotgan vazifalar ham talaygina.

Turin politehnika universiteti professori, O‘zbekiston fiziklar jamiyati raisi, fizika-matematika fanlari doktori Davron Matrasulovning fikricha, ilm-fan vakillari o‘rtacha yoshining yuqoriligi (60 yoshdan baland), himoya qilinayotgan doktorlik ishlari sifati pastligi, nufuzli xalqaro jurnallarda maqolalar qariyb chop etilmasligi, birgalikda tadqiqotlar olib borish va tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha xalqaro hamkorlikning yo‘qligi O‘zbekistondagi ilmiy doiralar, laboratoriyalar rahbarlari, kafedralar va institutlarning o‘ziga xos xususiyatlari hisoblanadi. O‘zbekiston fanlar akademiyasi va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy bo‘linmalari iste’dodli yoshlar va yosh olimlarni o‘ziga ohanrabodek jalb qilish o‘rniga ularni “ko‘ksidan itaradigan markaz”larga aylantirdi.

Masalan, 90-yillarning oxirida O‘zbekiston Physical Review va Physical Review Letters jurnallaridagi ilmiy maqolalar soni bo‘yicha Eron hamda Turkiya bilan teng bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda biz ulardan ancha orqada qolib ketganmiz. Web of Science yoki ScienceDirect ma’lumotlaridan foydalanib, shunga guvoh bo‘lish mumkinki, mamlakatimizdagi aksariyat fan doktorlari va nomzodlari “nol” darajasida h-indeksiga ega. Professorning qayd etishicha, aksariyat fan doktorlari oxirgi 15 yil davomida nufuzli xalqaro jurnallarda bironta ham ilmiy maqola e’lon qilmagan.

Dunyoning yetakchi axborot-tahlil kompaniyasi O‘zbekistonning xalqaro maydonda imijini yaxshilashga to‘siq bo‘layotgan qator muhim omillarni ko‘rsatib o‘tgan. Jumladan:

  • Ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha tahlil markazlari yo‘qligi. Tadqiqotlar sohasida ustuvor yo‘nalishlarni belgilash hamda tizimni tubdan yaxshilash strategiyasini yaratish, ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalarini doimiy ravishda monitoring qilib borish, shuningdek, muvofiqlashtiruvchi va nazorat tuzilmalar hamda idoralari ilmiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash masalalariga yetarli darajada e’tibor qaratishi lozim.

  • Ilm-fan va tadqiqotlarga grantlarni taqsimlash. So‘halar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot monitoringi natijalari asosida grantlarni taqsimlash maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, sohalar bo‘yicha chop etilgan maqolalar natijalari asosida mustaqil va teng taqsimlashni joriy qilish lozim.

  • Ilmiy-tadqiqotlarni tijoratlashtirish zarurati. Fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni ajratish to‘g‘risida kontseptsiyani yaratish, tijoratlashtirilmaydigan tadqiqotlar yo‘nalishlarini belgilash (masalan, “qora tuynuk”, pedagogika) ushbu yo‘nalishdagi vazifalardan sanaladi.

  • Universitetlarning xalqaro reytinglarga kirishi bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish, Hindiston, Xitoy, Singapur, Malayziya, Rossiya Federatsiyasi misolida mustaqil fondlarni yaratish.

  • Xalqaro hamkorlikka e’tiborni kuchaytirish, aynan «Brain drain report» hisobotining tahlilini o‘tkazish, yuqori malakali kadrlarni jalb qilish, xalqaro hamkorlik ko‘rsatkichlarini doimiy monitoring qilib borish.

  • O‘zbekiston fanlar akademiyasi va universitetlar hamkorligi sustligicha qolmoqda.

  • Oliy ta’lim muassasalari kutubxonalari samaradorligi past darajada. Xalqaro kutubxonalar hamjamiyatiga integratsiyalangan yagona kutubxonalar tarmog‘ini (masalan, Syrsi Dynix (www.syrsydynix.com) Harvard University, Stanford University, NASA kutubxonalari tomonidan foydalaniladi) yaratish bu borada muhim yechim bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri boshqaruv tizimining yo‘qligi oqibatida kitoblar uyga berilmayapti. Onlayn-to‘lov tizimlarini joriy qilish va ijtimoiy tarmoqlarga integratsiya qilish, foydalanuvchilar uchun kitoblarni buyurtma qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan mobil dasturlar ko‘rinishida kataloglarni yaratish, shuningdek, kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston kutubxonalari o‘quvi va sertifikatlash zarur.

  • Oliy attestatsiya komissiyasi jurnallari. Oliy attestatsiya komissiyasi jurnallari xalqaro reyting jurnallari talablariga javob bermaydi. Obroyi shunqadar bo‘lgan jurnallarda pulli ilmiy maqolalarni chop etish tobora ommalashmoqda.

  • Ilm-fan obroyini ko‘tarmoq. Ilm-fanni yoshlar orasida ommalashtirish, keng ko‘lamli o‘quvlarni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

“Yuksalish” umummilliy harakati va «Elsevier» kompaniyasi o‘rtasida shu yilning 10 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglarga kirishi, mamlakat ilm-fanining dunyoda imijini yaxshilashga ko‘maklashish maqsadida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Memorandum doirasida O‘zbekistonda ilm-fan nufuzini oshirish maqsadida yetakchi fan arboblari, yosh olimlar, ilmiy loyihalar musobaqalari g‘oliblari — maktab o‘quvchilari, xalqaro ilmiy muassasalar, yoshlar ilmiy forumlari vakillarini jalb qilgan holda davra suhbatlari, 9-11 sinf o‘quvchilari, kollej va oliy ta’lim muassasalari talabalar uchun institutlar va ilmiy-tadqiqot institutlari laboratoriyalarining “roud-shou”larini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Forsayt tadqiqotlarni ishlab chiqishni muvofiqlashtirish, ochiq manbalarda e’lon qilingan ilmiy-tadqiqot faoliyat natijalarini doimiy monitoring qilish, shuningdek, tegishli tuzilmalar, vazirlik va idoralar uchun ilm-fanni rivojlantirish, ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati huzurida mustaqil tahliliy tadqiqot markazini tuzish rejalashtirilmoqda.

Universitetlarning xalqaro reytinglarga kirishi bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etish, Hindiston, Xitoy, Singapur, Malayziya, Rossiyadagi singari mustaqil jamg‘armani yaratish hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. «Brain drain report» tahlilini o‘tkazish, O‘zbekistonni tark etgan olimlarni aniqlash, xorijdan yuqori malakali kadrlarni jalb qilish, xalqaro ilmiy hamkorlik ko‘rsatkichlarini muntazam monitoring qilib borish ko‘zda tutilgan.

 

                                                                                                                                                                                                                            “Yuksalish” harakati matbuot xizmati.