Tadbirkor va ishbilarmon ayollardan iborat Tojikiston delegatsiyasi Samarqand shahriga tashrif buyurdi
Shu kunlarda tadbirkor va ishbilarmon ayollardan iborat Tojikiston Respublikasi delegatsiyasi Samarqand shahrida stajirovka o‘tamoqda
Stajirovkaning asosiy maqsadi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha qo‘llanilayotgan ijobiy tajribalarni o‘rganish hamda mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati bilan tanishish hisoblanadi. Jumladan, O‘zbekistonda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan loyihalar va Mahalla instituti faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Delegatsiya a’zolari Samarqand shahrida “Obod mahalla” dasturi doirasida obodonlashtirilgan bir qator mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, u yerda faoliyat yuritayotgan tadbirkor ayollar bilan o‘zaro tajriba almashdilar hamda ayollar bandligini ta’minlayotgan kichik korxona va sexlar faoliyatini o‘rgandilar.
Ta’kidlanishicha, Tojikistonda ham mahalla kabi institut mavjud bo‘lib, “jamoat” deb yuritiladi. Tashrif davomida mehmonlar “Chashma”, “Ibn Sino” mahalla fuqarolar yig‘inlarining o‘ziga xos jihatlari, ularning faoliyati va funksiyalari bilan tanishdilar. O‘z uyida ustoz-shogird an’analari asosida milliy hunarmandchilikning “popurchilik” yo‘nalishida faoliyat yuritib kelayotgan Norbibi Hamrayevaning xonadonida bo‘ldilar.
Tashrif davomida, shuningdek, Samarqand viloyati Xotin-qizlar qo‘mitasi tasarrufidagi Ayollar ijtimoiy moslashuv markazi, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi, “Tadbirkor ayol” uyushmasi hamda “Rahmdillik” nodavlat notijorat tashkiloti vakillari bilan uchrashdilar va tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldilar.
Mazkur stajirovka “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturi doirasida Tojikiston Respublikasining “Fidokor” jamoatchilik fondi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati