@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Yurtimizning xalqaro reytinglar va indekslaridagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi

 2019-10-04 13:32:00   |     Просмотров: 2944

Joriy yilning 4-oktabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining asosiy xalqaro reytinglaridagi o‘rnini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni tizimli hal qilish mexanizmini ishlab chiqish”  mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat va notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Davra suhbati 2019-yil 25-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslaridagi o‘rnini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlashga ko‘maklashish, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar natijalarini muhokama qilish maqsadida o‘tkazildi.

Ma’lumki, qarorga muvofiq amalga oshirilayotgan islohotlarni baholashning yaxlit va mustaqil tizimini shakllantirish, shuningdek, respublikaning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi o‘rnini monitoring qilish va baholash milliy tizimini yaratish kabi qator vazifalar belgilangan edi.

Bundan tashqari, hujjat bilan alohida xalqaro indekslarga biriktirilgan tadqiqot institutlari ro‘yxati shakllantirilib, O‘zbekistonning pozitsiyasini yaxshilashga alohida e’tibor qaratish vazifasi topshirilgan edi. Masalan Iqtisodiy erkinlik indeksi, Global raqobatbardoshlik indeksi, Biznes yuritish (Doing business), Korrupsiyani qabul qilish indeksi va boshqalar.

“Yuksalish” umummilliy harakati ofisida bo‘lib o‘tgan tadbir davomida mas’ul vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, tadqiqot markazlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari o‘tgan vaqt davomida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot berdilar. Jumladan, belgilangan chora-tadbirlar ijrosi holati, o‘tgan vaqt davomida qo‘lga kiritilgan yutuqlar hamda o‘zgarish sezilmayotgan yo‘nalishlar tahlil qilindi.

Ta’kidlanganidek, yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlar O‘zbekistonning Qonun ustuvorligi indeksi, Iqtisodiy erkinlik indeksida o‘z pozitsiyalarini yaxshilashga imkon berdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston makroiqtisodiy barqarorlikni yaxshilashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar dasturini amalga oshirishga kirishdi, soliq va bojxona sohalarida ham ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berishi, shuningdek bank-moliya sohasida ham ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida jahon biznesida katta ta’sirga ega Fitch i S&P xalqaro reyting agentliklari tomonidan 2018 yil dekabrida ilk bor O‘zbekistonga suveren kredit reytingi taqdim etildi. Bundan tashqari, yana ikkita yirik reyting agentliklari - Moody’s i Standard & Poor’s bilan ishlar olib borilmoqda.

Yana bir e’tiborli jihati, yaqinda Jahon banki tomonidan O‘zbekiston biznesga ko‘maklashish sohasida katta islohotlarni amalga oshirgan eng yaxshi 20 mamlakat qatoriga kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti vakillari ta’kidlaganidek, Britaniya tadqiqot tashkiloti “Economist Intelligence Unit” (EIU)ning “Demokratiya indeksi 2018” hisobotiga ko‘ra O‘zbekiston167 davlat ichida156 o‘rinni egallagan (Turkmaniston  – 162, Tojikiston – 159, Eron – 150, Ozarbayjon – 149, Rossiya – 144, Belarus – 137, Turkiya – 110, Qirg‘iziston – 98). Indeks bo‘yicha mamlakatimizning umumiy bahosi 2.01 ballni tashkil etdi, xususan, eng yuqorisi «Siyosiy madaniyat» kategoriyasida – 5,00 ball, eng past «Caylov jarayoni va plyuralizm» kategoriyasida – 0.08 ball.

EIU tashkilotining Jahon mamlakatlari demokratiya indeksi mezoni asosida o‘zini o‘zi baholash uchun Demokratiya indeksi bo‘yicha milliy metodologiya ishlab chiqildi. U o‘z ichiga 5 kategoriya va 60 indikatorni olgan.

O‘rganish natijalari umumlashtirilgan tahliliy ma’lumotlardan iborat bo‘lib, quyidagilarni o‘z ichiga oladi: 5 kategoriyalar bo‘yicha umumiy yig‘ilgan ballar; davlat va jamiyatda demokratiya rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni tahlili; aniqlangan muammolarni hal etish va O‘zbekistonning Demokratiya indeksidagi o‘rnini yaxshilashga qaratilgan tavsiyalar. Taxliliy ma’lumotlar va tavsiyalar ko‘rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, mas’ul vazirlik va idoralarga taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Xalqaro reytinglar bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish va «Elektron parlament» tizimini joriy etish uchun mas’ul bo‘lgan Ishchi guruh tashkil etildi.

Shu bilan birga, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, ko‘plab sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqaro mezonlar va standartlarga muvofiqligini baholashning yaxlit tizimini yaratish bo‘yicha qator kamchiliklar kuzatilmoqda. Shu va yana boshqa qator dolzarb masalalar tashkil etilgan davra suhbati davomida mutaxassislar ishtirokida muhokama qilindi.