@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Mediahamjamiyat: aholi mediasavodxonligini oshirish va o‘zini o‘zi boshqarish asosida rivojlantirish

 2019-08-23 12:10:00   |     Просмотров: 3398

Bugungi kunda Harakatlar strategiyasi doirasida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlarida aholi va jahon hamjamiyatiga mamlakatdagi voqealar va jarayonlar haqida ob’ektiv va ishonchli ma’lumotlarni yetkazish muhim hisoblanadi. “Yuksalish” umummilliy harakati jamiyatdagi axborot ochiqligini ta’minlash, milliy axborot makonining jadal rivojlanishi jarayonlarini yoqlaydi va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildiradi.


Mamlakatimizda jamoatchilik fikrini shakllantirish hamda xorijda O‘zbekistonning ijobiy imijini yanada oshirishda media tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugun ular hukumat va xalq o‘rtasidagi ochiq muloqot, dolzarb va rezonansli masalalarni muhokama qilish maydoniga aylanmoqda.


Shunga qaramay, so‘nggi paytlarda jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlari, shu jumladan ularning ochiq sud majlislarida qatnashish, davlat idoralaridan ma’lumot olish jarayonlarida turli qiyinchiliklarga uchrayotganliklari kuzatilmoqda. OAV vakillari faoliyati uchun huquqiy kafolatlar mavjud bo‘lishiga qaramay, ba’zi davlat idoralari hanuzgacha OAV va blogerlar bilan ochiq va konstruktiv muloqotga tayyor emaslar.


Ko‘p jihatdan, blogerlarning faol fuqarolik pozitsiyalari, alohida veb-nashrlar, ijtimoiy tarmoqlarning minglab foydalanuvchilari samarasi o‘laroq bir qator rezonansli vaziyatlarni, xususan — kunning yorug‘ paytida ham avtomobilning yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib yurish, “tonirovka”ni cheklash, umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabulning yangi tartibini joriy qilish, uy-joy va ko‘chmas mulklarning noqonuniy buzilishi kabi masalalar yuzasidan maqbul qarorlar qabul qilishga erishildi. Natijada, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi.


Bu kabi misollar shundan dalolat beradiki, fuqarolarning fikrlari va konstruktiv takliflari, garchi ular OAV yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilgan bo‘lsa ham, inobatga olinmoqda va shu bilan aholining davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki ta’minlanmoqda. 


Biroq, tanganing ikkinchi tomoni ham mavjud. Tarmoqda o‘z fikrlarini ochiq bildirishga, yangi tashabbuslar va g‘oyalarni taklif etishga tayyor bo‘lgan fuqarolar bilan bir qatorda, maydonga “troll” deb ataluvchi akkauntlar tobora faolroq chiqmoqda. Ular soxta ismlar ortida yashirinib, ikki ma’noli postlar yoki uydirma, yolg‘on axborotlar tarqatib, jamoatchilik ongini buzishga harakat qiladilar. Izohlarda, aksariyat hollarda, etika qoidalariga rioya etmay, odamlar shaxsiyatiga teguvchi so‘zlardan foydalanib, ularni obro‘sizlantirishga yoki adovat qo‘zg‘ashga harakat qiladilar.
Qizig‘i, soxta akkauntlarga eng ko‘p ko‘rilgan xabarlar ro‘yxatida yuqorilash uchun sezilarli darajada kamroq vaqt talab etiladi. Yolg‘on axborot sababli tarmoq foydalanuvchilari xabarni tezroq boshqalarga ham tarqatishga harakat qiladilar. Bunday holatlar natijasida davlat idoralariga nisbatan ishonchning pasayishiga, turli mish-mishlar, noto‘g‘ri fikrlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. 


Media olamida birinchi bo‘lish ustuvorligi mavjud bo‘lib: kim birinchi ma’lumot taqdim etsa, yakunda shu haq bo‘lib chiqadi. Agar feyk axborot ketidan rasmiy raddiya bildirilsa ham, bu vaziyatning ijobiy tomonga o‘zgarishini kafolatlamaydi. Ushbu bahsda ratsional argumentlar hissiy stereotiplarga yutqazadilar.


Qasddan noto‘g‘ri ma’lumotlarning tarqalishi har qanday jamiyat uchun xavfdir. Bunday xatti-harakatlar, shu jumladan tuhmat, haqorat uchun fuqarolik, ma’muriy va jinoiy javobgarlik shakllari belgilanadi.


Ushbu sohada huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish, shu jumladan, alohida tartiblar bo‘yicha aniqlik kiritish va unifikatsiyalash, ularning xalqaro huquq normalariga muvofiqligini ta’minlash masalasi hamon ochiqligicha qolmoqda.
Jumladan, 2019-yilning fevralida Buyuk Britaniyaning Xalqaro so‘z va axborot erkinligini qo‘llab-quvvatlovchi “ARTICLE 19” tashkiloti “Jurnalistik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining huquqiy jihatdan olib borgan tahlil natijalarini e’lon qildi.


“ARTICLE 19” tashkiloti ekspertlarining ta’kidlashicha, axborot olish huquqi nafaqat OAV vakillariga, balki barcha uchun kafolatlangan bo‘lishi kerak. “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunda jurnalistlarning ma’lumot olish huquqi himoyasi umuman jamoatchilikning ma’lumot olish huquqi himoyasidan farq qilishi yoki qilmasligi ko‘rsatilmagan. Shunga ko‘ra, jurnalistlar hamda jamoatchilikning axborot olish huquqi sub’ekti sifatida turlicha imkoniyatga egaligi bo‘yicha farqlanishi asosi mavjud emas. 


Tashkilot fikriga ko‘ra, qonunda fuqarolarning “shaxsiy hayotiga aralashish” aniq belgilanmagan va undan davlat xizmatchilarining daromadlari, mulkka egalik huquqi, xarajatlar va jamiyat manfaatlariga daxldor boshqa masalalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarini oshkor qilishdan himoya qilish uchun foydalanish mumkin.


Axborot asrining muammolariga qanday qarshilik ko‘rsatish mumkin? “Yuksalish” umummilliy harakati shaxsiy veb-resurslarni taqiqlash va bloklash orqali muammoni hal qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.


Yangiliklar iste’molchisida tanqidiy fikrlash, tanqidiy yondashuvni shakllantirish, aholini ma’lumotlarni tekshirish mexanizmlariga — fakt-chekingga o‘rgatish lozim. Senzura o‘rnatishdan ko‘ra, fuqarolarning mediasavodxonligi va xabardorligini oshirish maqsadga muvofiq.
Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi, ular tomonidan taqdim etilayotgan ma’lumotlarni tekshirish imkoniyati muhimdir. Agar aholi hokimiyat organlari ma’lumotlariga ishonmasa, demak rasmiy manbalarning shaffofligi bilan bog‘liq muammolar mavjud. Bunda davlat tuzilmalarining matbuot xizmatlari asosiy rol o‘ynaydi.


Raqobatbardosh mediabozorni rivojlantirish zarur. Axborot iste’molchisi o‘zi uchun to‘g‘ri bo‘lgan ma’lumotni o‘zi tanlashi kerak. So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda qator xorijiy ommaviy axborot vositalariga nisbatan bo‘lgan cheklovlar olib tashlandi, bu esa mahalliy bozorda raqobatni yanada kuchayishiga olib keladi. Raqobat muhitida media mahsulotlarning sifati ham oshadi.


Jamiyatda sifatli tahlil va o‘rinli tanqidga ega bo‘lgan jurnalistikaga bo‘lgan talab ortib boraveradi. O‘z navbatida, ayniqsa hududlarda kadrlar bilan bog‘liq masalalar kun tartibiga chiqadi. Shu munosabat bilan, bugungi kunda hududlarda jurnalistika va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha fakultetlarni ochish, mavjud mediajamoalar xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir. Bu, ayniqsa, Prezidentimizning 2019 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi fonida o‘ta dolzarb.


Shu bilan birga, ta’sischilari davlat idoralari, shu jumladan mahalliy hokimliklar bo‘lgan bosma OAVlar bilan bog‘liq vaziyat noaniqligicha qolmoqda. Ularning faoliyati va u bilan bog‘liq qonunchilikning qayta ko‘rib chiqilishi muhimdir. Ushbu nashrlar hokimlik va mahalliy Kengashlar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan hujjatlarning mazmun-mohiyati, islohotlar va hududiy dasturlarning amalga oshirilishining borishi to‘g‘risida fuqarolarni xabardor qilish jihatdan muhim vazifalarni bajaradi.


Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, media sohasi uchun qat’iy chegaralar o‘rnatish kerak emas. O‘zini o‘zi boshqarish modeli bosma va internet OAVlarni tartibga solish uchun eng afzal hisoblanadi. OAV uchun axloqiy me’yorlarni ishlab chiqish va ularga rioya qilish masalasini soha ixtiyorida qoldirish lozim. Misol uchun, bunga har qanday OAV ishtirok etishi mumkin bo‘lgan, davlatdan mustaqil hisoblanuvchi mediakengashlarni tashkil etish orqali erishish mumkin. Ularning vazifasi kasbiy va axloqiy me’yorlarni joriy etish, shuningdek, ushbu standartlarga rioya etilishi bilan bog‘liq shikoyatlarni ko‘rib chiqish hisoblanadi. 


Kasbning auditoriya oldidagi javobgarligini qat’iy anglashga asoslangan Jurnalist etikasi instituti milliy qonunchilik bilan mustahkamlangan. Kuni kecha O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi tomonidan tashkil etilgan anjuman doirasida Jurnalistlar professional etikasi kodeksi qabul qilindi. Biroq, uning samaradorligi va ijro mexanizmlarining amaliyotga mosligi masalasi ochiq qolmoqda.


Bundan tashqari, ushbu sohada O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini oshishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni ham tahlil qilish lozim. Xususan, joriy yilning aprelida “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro nodavlat tashkiloti (Reporters sans frontières, RSF) tomonidan e’lon qilingan reytingda O‘zbekiston besh pog‘ona yuqorilab, 160-o‘rinni egallagani ma’lum bo‘ldi. Biroq, vaziyat hali hamon “yomon” deb baholanmoqda. Tashkilot hisobotida qayd etilishicha, nazorat, senzura va o‘z-o‘zini cheklash kabi holatlar haligacha mavjud bo‘lib, rasmiylarning OAVlarni sezilarli darajada nazorat qilishi saqlanib qolmoqda.


Yuqoridagilar O‘zbekistonda fikr erkinligini ta’minlash sohasida bir qator muammolar va kamchiliklar borligidan dalolat beradi. Bu barcha tomonlar ishtirokida batafsil o‘rganish va muhokama qilishni talab etadigan dolzarb masala. “Yuksalish” umummilliy harakati ushbu masalani mamlakat parlamenti darajasida amalga oshirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi. Xususan, davlat sektori, mediahamjamiyat, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ekspertlar va keng jamoatchilik ishtirokida mamlakatda so‘z erkinligini ta’minlash, jurnalistning professional faoliyatini himoya qilish, shuningdek, ushbu sohadagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarning bajarilishi yuzasidan parlament eshituvini tashkil etish lozim.


Taklif etilayotgan parlament eshituvi davomida voyaga yetmaganlar uchun noqonuniy kontent tarqalishiga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilishiga umid bildiramiz. Fiziologik va psixologik rivojlanishning o‘ziga xos xususiyatlari sababli ular turli xil manipulyatsiyalarga osongina ishonib, Internetda buzg‘unchi ma’lumotlar qurboniga aylanishlari mumkin.


Biz parlament va hukumatdan “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi va boshqa O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini samarali qo‘llash amaliyotining aniq dasturini shakllantirishlarini kutib qolamiz.
 


“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati