@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Milliy barqaror rivojlanish maqsad va vazifalari: 2030 yilga qadar erishish

 2019-08-16 11:51:00   |     Просмотров: 4052

2019 yil uchun Bertelsmann/SDSN tomonidan har yili nashr etiladigan Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) indeksi va panel ko‘rsatkichlari hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston tadqiqotga kiritilgan 162 mamlakat orasida 52-o‘rinni egalladi. O‘tgan yilgi hisobot ko‘rsatkichlari bilan solishtirganda, O‘zbekistonning pozitsiyasi faqat 0,8 foizga yaxshilangan va 71,1 foizga yetgan.

Ushbu baholashga ko‘ra, mamlakat o‘rtacha hisobda 17 ta BRM bo‘yicha “eng yaxshi natijaga erishish yo‘lidan” 71,1 foiz o‘tgan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchilar Daniya (85,2), Shvetsiya (85,0), Finlandiya (82,8) hisoblanadi. MDH mamlakatlari orasida birinchi o‘rinni Belarus Respublikasi 77,4 ball bilan egallagan. Shuningdek, Qirg‘iziston 48-o‘rinda, Tojikiston 71-o‘rinda, Qozog‘iston 77-o‘rinda, Turkmaniston esa 101-o‘rinda joylashgan.

O‘zbekiston uchun alohida maqsadlarda eng yaxshi ko‘rsatkichlar 4-maqsad — “Sifatli ta’lim” (93,6 ball), 13-maqsad — “Iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash” (93,4 ball), 12-maqsad — “Mas’uliyatli iste’mol va ishlab chiqarish” (92,1 ball) hamda 11-maqsad — “Barqaror shaharlar va jamoalar” (90,8 ball) hisoblanadi.

1-maqsad — “Qashshoqlikni yo‘q qilish”, 2-maqsad — “Ochlikni yo‘q qilish” va 3-maqsad — “Yaxshi sog‘liq va farovonlik”da katta qiyinchiliklar kuzatilmoqda. 5-maqsad — “Gender tengligi”, 8-maqsad — “Loyiq ish va iqtisodiy o‘sish”, 10-maqsad — “Noto‘g‘ri taqsimlashni kamaytirish” o‘z rivojida o‘zgarmas qolmoqda. Ammo eng katta tashvish 6-maqsad — “Toza suv va sanitariya”, 9-maqsad — “Sanoatlashtirish, innovatsiyalar va infratuzilma” hamda 16-maqsad — “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” bilan bog‘liq.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 20 oktyabrda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun barqaror rivojlanish milliy maqsad va vazifalari tasdiqlandi. 16 ta maqsad va 127 ta vazifa belgilandi, ular 2030 yilga qadar amalga oshirilishi kerak. Milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Koordinatsion kengash tashkil etildi va “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Masalan, iqtisodiyot va turmushda bu O‘zbekistonda kam ta’minlanganlik darajasining sezilarli kamayishi, aholi boshiga yalpi ichki mahsulotning katta o‘sishi, yoshlar orasida ishsizlik darajasining 2030 yilga qadar keskin kamayishini nazarda tutadi. Ijtimoiy sohada esa ona o‘limi uchdan birga, bolalar o‘limi esa 50 foizga kamaytirilishi va sifatli ta’lim ta’minlanishi asosiy vazifalar qatorida.

2019 yil 20 martda Milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Koordinatsion kengash ularning bajarilishini monitoring qilish uchun 206 ta indikatorni tasdiqladi.

O‘zbekiston BRM uchun taklif qilingan 206 ta milliy indikatorning 84 tasi ochiq ma’lumotga ega bo‘lgan indikatorlar (1-daraja) hisoblanadi. 60 indikator uchun tegishli milliy metodologiyani ishlab chiqish kerak (2-daraja), 47 indikator bo‘yicha esa global metodologiya yakunlanishi kutilmoqda (3-daraja). Qolgan 15 indikator bo‘yicha yakuniy tasnif mavjud emas. Indikatorlarning ko‘pchilik qismi (163) bitta ma’lumot beruvchidan olinadi. 33 indikator bo‘yicha ikki, 11 indikator bo‘yicha uch ma’lumot beruvchi mavjud.

Xususan, yoshlar orasida savodxonlik darajasi, ichimlik suvi manbasiga ega aholi ulushi, yangi tiklanadigan ichimlik suvi zaxiralari, oqilona iste’mol va ishlab chiqarish modellari, iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash, biologik xilma-xillik tahdidlari, jinoyatchilik darajasi, sud hukmiga qadar hibsda bo‘lganlar ulushi, mulk huquqlari, bolalar mehnatiga jalb etilganlar foizi, sog‘liq va ta’limga davlat xarajatlari, soliq baholash kabi indikatorlar bo‘yicha ma’lumotlar mavjud emas.

Yuqaridagi ma’lumotlarga asoslanib, 2030 yilga qadar barqaror rivojlanish milliy maqsad va vazifalarini tizimli amalga oshirish uchun “Yuksalish” umummilliy harakati quyidagilarni taklif qiladi:

2030 yilga qadar barqaror rivojlanish milliy maqsad va vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha Koordinatsion kengashga:

  • Har chorakda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (Koordinatsion kengashning ishchi organi) saytida mas’ul vazirlik va idoralarning milliy maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha ish rejalari bo‘yicha kompleks axborot hisobotini e’lon qilish; bu fuqarolarning erishilgan yutuqlar, qabul qilingan chora-tadbirlar, shuningdek hukumatning o‘rta va uzoq muddatli rejalaridan xabardorligini oshirish uchun zarur.

  • Milliy BRMlarning oraliq natijalari bo‘yicha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, OAV, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirokida konferensiya o‘tkazishni tashkil etish.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasiga:

  • Milliy BRMlar bo‘yicha choraklik statistik ko‘rsatkichlarni e’lon qilishni ta’minlash;

  • Milliy BRMlar monitoringi va hisobot veb-saytining (nsdg.stat.uz) ishini tezlashtirish tavsiya etiladi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi “2030 yilgacha barqaror rivojlanish milliy maqsad va vazifalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Milliy BRMlarni davlat byudjeti loyihasini tayyorlash va ko‘rib chiqishda hisobga olish va aks ettirish nazarda tutilgan. Shuning uchun BRM moliyalashtirilishiga bag‘ishlangan alohida bobni Byudjet xatida kiritish maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, Oliy Majlis palatalarida vazirlik va idoralarning Milliy BRMlarni bajarish borasidagi hisobotlarini tinglash amaliyotini joriy etish tavsiya etiladi.

Material BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha strategik tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi axborot yordami bilan tayyorlandi.

 

                                                                                                                                                                                                                                       “Yuksalish” harakati ekspertlari.