@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Ilk bor davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari forumi tashkil etildi

 2019-08-15 20:16:00   |     Просмотров: 1624

Joriy yilning 14 avgust kuni jamoatchilik kengashlari faoliyatini kelgusida rivojlantirish masalalarini muhokama qilish maqsadida Toshkent shahrida Jamoatchilik kengashlari forumi bo‘lib o‘tmoqda.Unda respublikaning barcha hududlaridan O‘zbekistondagi islohotlarga hayrixoh bo‘lgan 150 nafardan ziyod jamoatchilik kengashlari vakillari, OAV, faol fuqarolar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etishyapti.    


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yilning 4-iyulidagi “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida har bir davlat organi, jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani xalq va hokimiyat o‘rtasida o‘ziga xos “ko‘prik”ning shakllanishiga zamin yaratdi.


Bugungi kunda jamoatchilik kengashlarini o‘tkir muammolar, aholini o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan konstruktiv muloqot maydonchasiga aylantirish bo‘yicha ishlar jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Jamoatchilik kengashlari a’zolari salohiyatini oshirish, ularga metodik va amaliy yordam ko‘rsatish, bu borada xalqaro tajribani o‘rganish, yangi bilim va ko‘nikmalarni amaliyotga joriy etish ushbu yo‘nalishdagi asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.


Shu munosabat bilan, “Yuksalish” umummilliy harakati Qozog‘istonning Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi va AQShning Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID) bilan hamkorlikda O‘zbekistonda “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturini ishga tushirdi. Dastur mustaqil NNTlar va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan ularga grantlar taqdim etish, uslubiy va amaliy ko‘nikmalar berish, trening va o‘quv kurslarini tashkil etishga yo‘naltirilgan.


Soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh joriy yilning iyul oyida hududlarga tashrif buyurdilar. Joylarda olib borilgan o‘rganishlar davomida jamoatchilik kengashlari faoliyati va uning a’zolari bilan yaqindan tanishdilar. Ularga ekspertlar tomonidan maslahatlar berildi.
Kuni kecha Toshkent shahrida fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining yangi formatdagi uchrashuvi — “Ijtimoiy innovatsiyalar laboratoriyasi” muvaffaqiyatli tashkil etildi. Unda ishtirok etish uchun O‘zbekistonning barcha hududlaridan hamda Markaziy Osiyo davlatlarida faoliyat yuritayotgan 80 ga yaqin soha mutaxassislari tashrif buyurdi.


Bugun ish boshlagan Jamoatchilik kengashlari forumiga nafaqat O‘zbekistonning turli hududlaridagi faol jamoatchilik kengashlari vakillari, balki Markaziy Osiyo mamlakatlarining katta tajribaga ega jamoatchilik kengashlari a’zolari ham taklif etilgan. Forumning asosiy maqsadi — sohadagi ko‘plab yangilik va tashabbuslarni muhokama qilish, o‘zaro tajriba almashish va eng asosiysi o‘tgan vaqt davomida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish orqali kelgusi rejalar va soha rivojiga qaratilgan yangi takliflarni ishlab chiqish.


Forum davomida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, xorijiy davlatlar elchixonalari va jamoat tashkilotlari vakillari ham ishtirok etishmoqda. Shuningdek, sinov tariqasida tanlab olingan jamoatchilik kengashlari faoliyati taqdimoti o‘tkazilib, bu boradagi Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari tajribasi bilan ham o‘rganiladi.


Forum yakunlariga ko‘ra “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan jamoatchilik kengashlari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha bildirilgan tavsiyalar, shu jumladan davlat idoralari bilan o‘zaro hamkorlik, fuqarolarni ustuvor vazifalar va islohotlarga faol jalb qilish bo‘yicha takliflar umumlashtirildi.

 

"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmati