@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Palma yog‘ining inson salomatligiga ta’siri bo‘yicha qo‘shma tadqiqot o‘tkazilmoqda

 2019-06-13 09:36:00   |     Просмотров: 6046

“Yuksalish” umummilliy harakati va “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti hamkorlikda aholi salomatligi va turmush tarzini yaxshilash maqsadida “Palma yog‘ining inson sog‘ligiga ta’siri” mavzusida qo‘shma tadqiqotni amalga oshirmoqda. Tadqiqot ishlari joriy yilning may oyida boshlanib, bugungi kunda tegishli vazirlik va idoralarning ushbu masala yuzasidan xulosa, taklif va statistik ma’lumotlari umumlashtirilmoqda.

Jumladan, Davlat statistika qo‘mitasining palma yog‘ining oxirgi 10 yil ichida import qilinishi to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlari, Sog‘liqni saqlash vazirligining palma yog‘ining inson organizmiga ta’siri, uning ijobiy yoki salbiy xususiyatlari, shuningdek boshqa qator tashkilotlarning bugungi kunda palma yog‘idan qaysi turdagi mahsulot ishlab chiqarilishi haqidagi ma’lumotlari to‘plandi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda rivojlangan davlatlar tajribasi o‘rganilmoqda.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonga palma yog‘ining importi 2000 yillardan boshlangan va dastlabki yetkazib berilish miqdori 5 ming tonnani tashkil etgan. Bugungi kunda taxminiy hisob kitoblarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 42 ming tonnagacha o‘sgan.

Yevropaning oziq-ovqat xavfsizligi agentligi va Oziq-ovqat qo‘shimchalari birlashgan ekspertlar kengashi palma yog‘ining qanday zararlari borligiga aniqlik kiritdi. Jumladan, gidrogenizatsiya yo‘li bilan olingan (vodorod atomlarini qo‘shish orqali suyuq yog‘larni qattiq yog‘larga aylantirish) palma yog‘lari eng arzoni hisoblanadi, u mum yoki parafinni eslatadi. Bu yog‘ tarkibida foydali komponentlar yo‘q, shuningdek yog‘ yuqori haroratda qayta ishlanganda unda ko‘p miqdorda zararli moddalar hosil bo‘ladi.

Palma yog‘i 45%gacha palmetin kislotasidan tarkib topgan. Ushbu moddadan ko‘p miqdorda foydalanish – aterosklerozni rivojlanishiga tomirlarni yog‘ bilan qoplanishiga olib keladi. Ateroskleroz o‘z navbatida yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanishida muhim omildir (“Daily Mail” xabariga ko‘ra, O‘zbekiston yiliga yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etganlar bo‘yicha 1-o‘rinni egallagan – 100 ming nafar odamga 394 o‘lim holatlari to‘g‘ri keladi).

Shu munosabat bilan, ekspertlarning fikriga ko‘ra o‘tkazilgan o‘rganish va tadqiqot davomida olib borilgan ishlar hisoboti keng jamoatchilik uchun taqdim etiladi hamda ishlab chiqilgan takliflar tegishli organlarga kiritiladi.

Hamkorlik doirasida, fuqarolarni palma yog‘ining zararlari haqida ogohlantiruvchi foto va video reklama materiallarini ishlab chiqish, uning zararli oqibatlari haqida keng targ‘ibot olib borish maqsadida jamoatchilik va OAV vakillari, blogerlar jalb qilish rejalashtirilgan.

Shuningek, tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida palma yog‘ining fuqarolar salomatligiga zarar yetkazilishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi qonunchilikka tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi taklif va tavsiyalar Hukumat va Parlamentga kiritiladi.