@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Huquq-tartibot xodimlari obro‘sizlantirilishiga nisbatan alohida norma belgilanishi to‘g‘rimi?

 2023-12-01 15:02:57   |     Просмотров: 964

Kuni kecha Ichki ishlar vazirligi tomonidan kiritilgan va Oliy Majlis Qonunchilik palatasida uchinchi o‘qishda qabul qilingan Qonun loyihasidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida foto va video tasvirlarni Internet axborot tarmog‘iga joylashtirganlik uchun BHMning 50 baravari miqdorida jarima yoki 15 sutka ma'muriy qamoq bilan jazolanishga oid norma jamoatchilik orasida keng muhokamaga va e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Jamoatchilik ushbu normaning kiritilishi bugungi ochiqlik siyosatiga zid kelishini hamda mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq holatga putur yetkazishi mumkinligini ta'kidlamoqda. 

“Yuksalish” harakati mazkur e'tirozlarni quyidagi sabablarga ko‘ra asosli deb hisoblaydi:

Birinchidan, qonunchilikdagi har bir o‘zgarish, ayniqsa, demokratiyaning asosiy belgilari bo‘lmish inson huquqlari va davlat organlarining ochiqligi va shaffofligiga oid siyosatga jiddiy ta'sir ko‘rsatuvchi yangi qoidani kiritish ma'lum bir asoslarga ega bo‘lish kerak.
Ya'ni bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning xodimlarini Internet tarmog‘ida asossiz obro‘sizlantirish va haqoratlash holatlari juda ko‘payib ketdimi? Agar ko‘paygan bo'lsa, aniq raqamlar qancha? Sababi nimada va bu kabi holatlar tizimning sog‘lom ishlashi uchun nechog‘lik jiddiy ta'sir ko‘rsatmoqda? Albatta, bu savollarga javob berilishi lozim.

Ikkinchidan, ushbu normani asoslash uchun Fuqarolik kodeksining 99-moddasi va “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 4 va 28-moddalari asos sifatida keltirilgan. 

Ma'lumot uchun: Ushbu moddalarga ko‘ra, shaxsning hayoti va sog‘lig‘i, sha'ni va qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi, ishchanlik obro‘si, shaxsiy hayotining daxlsizligi, xususiy va oilaviy siri, nomga bo‘lgan huquqi, tasvirga bo‘lgan huquqi, mualliflik huquqi, boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlar hamda tug‘ilganidan boshlab yoki qonunga muvofiq fuqaroga tegishli bo‘lgan boshqa nomoddiy ne'matlar tortib olinmaydi va o‘zga usul bilan boshqa shaxsga berilmaydi (99-modda).

Shu bilan birga, subyektning roziligisiz yoki boshqa qonuniy asos mavjud bo‘lmagani holda shaxsga doir ma'lumotlarni oshkor etish va tarqatishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot shaxsga doir ma'lumotlar hisoblanadi (4-modda).

Biroq bu boradagi huquqbuzarliklar uchun qonunchilikda allaqachon ta'sir choralari belgilangan. Ya'ni shaxsni haqorat qilganlik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik bor. Bundan tashqari, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2022-moddasiga ko‘ra, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya yoki Internet tarmoqlarida tarqatish — BHMning 50 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya yoki Internet tarmoqlarida tarqatish — BHMining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shunday ekan, huquq tartibot organlari xodimlariga qaratilgan alohida norma nima uchun kerak? Bugun davlat boshqaruvida inson huquq va manfaatlari markaziy o‘ringa qo‘yilmoqda. Mazkur g‘oya yangilangan Konstitutsiyaning bosh mezoni sifatida “inson-jamiyat-davlat” tamoyili ko‘rinishida aks etgan. Buning teskari bo‘lishi mumkin emas. 

Uchinchidan, mazkur normani tatbiq etishda Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Fransiya va Belarus kabi mamlakatlar tajribasi o‘rganilgan. Ammo ushbu mamlakatlarda bu kabi normalar aynan qanday holatlar uchun qo‘llanilishi, ulardagi ijtimoiy-siyosiy muammolarning xarakterini chuqur tahlil qilish taqozo etiladi. 

Sanab o‘tilgan va boshqa rivojlangan demokratik mamlakatlarda, haqiqatdan, bu kabi cheklovlar bor, ammo ushbu mamlakatlarda har bir fuqaroning nizoli holatlarda politsiya xodimining bodi-kamerasidagi yozuvlarni olish huquqi kafolatlangan.

To‘rtinchidan, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, oshkoralik va shaffoflik hamda davlat idoralari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligi davlat organlari faoliyati ochiqligining asosiy prinsiplari sifatida belgilab qo‘yilgan. 

Yangi norma bilan kiritilayotgan yangi javobgarlikning belgilanishi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xizmati bilan bog‘liq faoliyatini tasvirga olish mumkin emas, degan qoidani keltirib chiqarmasligi lozim. 

Beshinchidan, aksincha, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining nojo‘ya harakatlari aks etgan tasvirlar Internetda tarqalgan hollarda, rahbarlar o‘z e'tiborini tizimni takomillashtirib borishga qaratishi kerak. Bu huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatining xalqchilligi va professionalligini oshirishga xizmat qiladi. 

“Yuksalish” umummilliy harakati qonunning yo‘l harakati xavfsizligi, ayniqsa, piyodalar xavfsizligini ta'minlash uchun kiritilayotgan o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birgalikda, qonun Oliy Majlis Senati tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bu bosqichda senatorlar jamoatchilikda yuzaga kelgan savollar va e'tirozlarga jiddiy e'tibor qaratishi kerak, deb hisoblaymiz.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati